18:40 "Kommunist" Eziz Nesin | |
“KOMMUNIST” AZIZ NESIN
Edebi makalalar
Aziz Nesin, shubhasiz, turk adabiyotining dunyo tanigan zabardast vakillaridan biri. Uning asarlarini o’qigan kitobxonning yuziga beixtyor tabassum yuguradi hatto qah- qaha otib kuldirsa-da, asarlardan chiqqan mazmun mohiyat odamning insonga aylanishiga turtki beradigan darajada kuchga ega, zalvorli. Aziz Nesin sevgan adiblarimdan biri, maktabning oxirgi yillarida uning “Futbol qiroli”, “Hushtak afandi”, “Demokratiya shunqori” hikoyalarini sinfxonada qiqirlab kulaverib, bir o’qigan joyimizni bir necha marta o’qir edik. Bu o’rinda tarjimonning mahoratiga ham ta’zim qilishimiz kerak albatta. Taqdir ekan oliy ta’lim va bir muddatlik jurnalistlik ish faoliyatimdan keyin Turkiya tuproqlariga sochilgan rizqimni terish uchun keldim va uch yildan ortiq umrim Istanbulda kechti. Universitetda turkcha dars olganim katta foyda berdi. Ishxonadagilar bilan tez til topishib ketdim. Bolaligimdan kitob jinnisiman — bu uyimizdagi dadam yiqqan kitoblarning ta’siri albatta. Shu sabab, yangi ish yerimdagi Xatiche (Xadicha) opa bilan tez inoqlashib ketdim. Negaki, bu ayolning qo’lida doim kitob ko’rishim buning sababi edi. Tabiyki, ilk suhbatimiz kitoblar va adabiyot haqda bo’ldi. Bizning yozuvchilardan hech kimni tanimas ekan, lekin rus adiblarining asarlarining ko’pini o’qigan va hayotlari bilan ham tanish ekan. Men esa bizda turk yozuvchisi Aziz Nesinning mashhurligini, uning asarlari hatto maktab darsiklarida o’qitilishini aytib maqtandim. Endi esa uning asarlarini asliyatda o’qish imkoni borligidan juda xursandligimni ham aytdim. Opa esa jilmayib, o’z kitoblaridan bemalol foydalanishimga izn berdi. Gap orasida esa u Aziz Nesinning kommunist fikrli bir yozuvchi bo’lganligini, o’z hayotida ham, asarlarida ham buni yashirmaganini aytib qoldi. Bu men uchun yangilik edi negaki, kommunistik ta’limni ko’rgan, uning nonidan yeyishga ham ulgurib qolgan, hamda endigina demokratik bir davlatga kelib, hali uning tartib qoidasini hazm qila olmagan kishi uchun, albatta, bu qiziq edida. Negaki, demokratik davlatlarda boshqa hech qanday g’oyalarga yo’l yo’q deb o’ylaganman. Ammo biroz muddat u yerda yashagach, demokratiyaning nima ekanligini bilgach, uning ichida barcha g’oyalar birdek yashashi mumkinligini angladim va bu anglov mening ichki dunyomda ham keskin o’zgarish yasadi. Ammo gap hozir Aziz Nesin haqda. Xatiche opa bir suhbatimizda Aziz Nesin haqda bir voqeani aytib berdi. Bu voqeani ochiqroq anglash uchun Turkiya siyosiy hayotidagi unsurlarga biroz to’xtalsak, tushunarliroq bo’lar balki. Chunki, aytmoqchi bo’lgan voqeamiz shunga bog’liq-da. Turkiyadagi siyosiy maydon tortishuvlarga juda ham boy. Iqtidordagi va muxolif partiyalarning qarama-qarshiliklari va tortishuvlari odamni bir kuldirsa, bir yig’latadi. Ba’zan ijtimoiy va siyosiy maydonda shunday ishlar bo’ladiki, turklar bunday hodisalar uchun ham izoh ham mizoh sifatida ”Bu yerni Turkiya deydilar” deb qo’yishadi. Ana endi Aziz Nesinga qaytsak, bo’lar. Turk siyosiy muhitida ziyoli va taniqli kishilarning ta’siri anchayin salmoqli. Ular o’tgan asrning o’rtalaridagi ziyolilarning jimligi Turkiya taraqqiyoti va siyosiyati uchun katta zarar bo’lganligini tushunishgan. Shunday tushunganlardan biri Aziz Nesin edi. Aziz Nesinning iqtidorga va xalqqa nisbatan qarshi aytgan gaplari haligacha tortishuvlarga sabab bo’ladi. Xullas, asr boshidagi saylovlardan birida Aziz Nesin “Turk millatining yuzda oltmishi ahmoqdir” deydi. O’sha kechasiyoq adib qo’noq bo’lgan mehmonxonaga o’t qo’yib yuborishadi. Hartigul, bu yong’indan Aziz Nesinning jonini qutqarib qolishadi. Atrofini o’rab olgan gazetachilarga esa u: “Mana kechagi gapimning isboti” deydi. Albatta, bu gaplarning mag’zini chaqish uchun bir necha yillarni Turkiyada o’tkazib, u yerning siyosiy muhitini, millat mentalitetini va fikr tortishuvlariga guvoh bo’lgach chandon tushundim. Adibning millat, din, siyosat va boshqa turli masalalardagi fikrlarini o’qigach esa uning intellektual irodasining naqadar kuchli bo’lganin angladim. Buyuk iste’dodlarning xalq va bashariyat uchun aytgan gaplarining har qancha achchiq bo’lsa ham salmog’i naqadar og’ir ekanligini bildim. Xulosam shu bo’ldiki, Aziz Nesinda kommunistlik g’oya emas, dunyo insonlarining haqiqiy insonlardek ozod yashashi g’oyasi kuchli bo’lgan. Dunyodagi barcha din va ta’limotlarga birdek hurmat saqlagan. Odamlar tomonidan uydirilgan har qanday bid’atlarga qarshi kurashgan va turk millati ham ochiq ko’rishli bir millat bo’lishini istagan. Hatto yuqoridagi voqea sabab, uydirma shikoyatlar yordamida adibni sudgacha olib kelishgan va sudda uning batamom aybsiz ekanligi ochiqlangan. O’sha kungi gazetalar esa, “Ahmoqligimiz isbotlandi” degan sarlavahalar bilan chiqadi. Adibdan esa «Nega bunday dedingiz?» deb so’raganlarida, u “Aslida yuzda 92 demoqchi edim lekin tilim bormadi” deydi. Negaki, o’sha paytdagi saylovlarda iqtidordagi partiyaga millatning 92 foizi ovoz bergan ekan. Xatiche opa bilan suhbatlardan birida Aziz Nesinni kommunistik g’oyalarga ega deb bilsak ham chinakamiga demokrat bir yozuvchi ekanligni tan olishimiz kerakligini, hozir esa sizda ham, bizda ham demokratiya bo’lsa-da, hech kim Aziz Nesindek ovoz chiqara olmayotgani haqda aytdim, opa ham bu fikrimga qo’shildi. Turkiyaning sobiq bosh vaziri, hozirda esa amaldagi prezidenti Rejep Erdo’g’anning vazirlik faoliyati davrida diniy, siyosiy, ijodiy va yana bir qancha ayblovlar bilan aybdor deb topilgan yoki shunday ayblovlarga ma’ruz qolgan bir qancha kishilarga afv e’lon qilindi. Shunday kishilardan biri Nozim Hikmatdir. Hatto, Erdo’g’an janoblari BMMda Nozim Hikmat she’rlaridan parcha o’qib, ko’z yoshlarini artganiga ham guvoh bo’lganman. Nozim Hikmatning afv etilishi Turkiyada turli bahslarga sabab bo’ldi. Ammo Erdo’g’an janoblarining qa’tiyati tufayli, buyuk shoir vatan farzandi deya o’z vataniga qaytarildi. Shoirlarning hayoti hech ham yengil kechmagan. Nozim Hikmat haqda bolaligimda eshitganmanu uning ismi-sharifi menda eng avvalo, bolalarcha qiziqish uyg’otgan. Negaki, bu nom bizlardagi “ov”u “vich” lardan farqli edi-da. Universitetdagina uning she’riyati va hayoti haqida ancha-muncha bilib olganman. Ammo Turkiyadagi yillarim davomida uning haqdagi fikrlar turfa xilligi unga bo’lgan qiziqishimni yanada orttirdi. Uning afv etilishining tarixiy onlariga guvoh bo’lganim ham bir tarix. Bu afvdan keyin uning kitoblari bemalol chiqa boshladi, she’riyatini, hayotini o’rganish jadallashdi. Hatto sobiq prezident Abdulloh Gul Turkiya va Rossiya o’rtasidagi so’nggi besh yuz yillikning eng oliy darajadagi Rossiya safarida Nozim Hikmatning qabriga gulchambar qo’ydi va sukunat daqiqasi bajo keltirdi. Shoirning afvi bilan bog’liq eng esimda qolgan tortishmalardan biri uning qabrini Turkiyaga olib kelish haqda bo’lgani edi. Turkiyaning ziyoli ayollaridan biri shunday degandi: “Menimcha uning ruhini bezovta qilmaganimiz ma’qul. Negaki u, u yerda dunyoning mumtoz adiblari bilan bir yerda yotibdi va bu uning uchun ham, biz uchun ham katta sharaf, chunki uning qabri hech qachon qarovsiz qolmaydi va har doim ardoqlanadi. Biz esa uni bu yerga olib kelsak, unga loyiq e’tibor va qarovni eplay olmasligimiz mumkin. Bizdagi qabristonlarning ahvoli o’rtacha. Keyin uning qabriga nima bo’lishiga ham hech kim javob bera olmaydi” degandi. «Xurshid Davron kutubxonasi»nin izohi: Mustafo Kamol Otaturk kommunistik g’oya va uning tarafdorlariga keskin munosabatda bo’lgan. Ammo, bir suhbatda Nozim Hikmat haqida gap ketganda, u shunday degan ekan: «Uni dorga osish kerak, keyin oyog’ini quchoqlab, yig’lamoq kerak». Fazliddin MA’DIYEV. | |
|
Teswirleriň ählisi: 0 | |