18:35 Häkimiñ aýaly / hekaýa | |
HOKIMNING AYOLI
Hekaýalar
Qiziq. Ikki ming o‘n birinchi yilning noyabrida yer kurrasida yetti milliardinchi inson tug‘ildi. Ro‘yxatga olindi. “Ko‘ksandiq” xuddi shunday xabarladi. Yettinchi noyabrda. Yetti milliard dedi. Keyin “ko‘ksandiq”dan “Qo‘ng‘ir” guruhining qo‘shig‘i berildi. Uzun, xushqomat qiz: “Dunyo…dunyo… dunyo-ey. Dunyoga kim ega-ey?..” deya xonish qildi. Ikki yigit unga jo‘r bo‘lishdi. G‘alati qo‘shiq. Mungli, qo‘shiq. Besh yil muqaddam, eri mazkur muzofotga hokim etib tayinlanganida, unga tegishli aymoqda millioninchi chaqaloq dunyoga ingalab kelib, tantanali tarzda ro‘yxatga olingandi. Mana shu, Oypara aymog‘ida. Xalq buni yaxshilikka yo‘ygan. Eri haligi chaqaloqning tutingan otasi, u tutingan onasi bo‘lgandi. Ayrimlar bu laganbardor va yelpataklar tomonidan ataylab uyushtirilgan, degan oldi-qochdi gap qilgan. O‘shandan beri o‘tgan vaqt ichida butun mamlakat qatorida mazkur muzofotda iqtisodiy yuksalish bo‘ldi. Muzofot bilan hamjihatlikda ularniki ham beqiyos o‘sdi. Erining jizzakiligini bildirmasdi. Hushyorligini sezdirmasdi. Ammo o‘ziyam xushomadgo‘ylar qurshovida qoldi. Manov Oypara muzofotida hokim bo‘lgandan ko‘ra, hokimning ayoli bo‘lish o‘ta mashaqqatli ekanligini angladi. Bular tadbirkorlikdan chiqqan amaldorlardan. Eri azaldan shu lavozimga intilardi. Biznesdan orttirilgan sarmoyaning katta bo‘lagi shu maqsad yo‘liga sarflangan. Qolgan salmoqli qismi olisdagi davlat bankida saqlanmoqda. Oyparadagi dastlabki yilning ilk oylari og‘ir kechdi. Kelgusi yilga kelib, esini yig‘ib olishdi. Hokim chigal tugunlarni yechishni, uzilgan rishtalarni ulashni o‘rgandi. O‘zini ham, o‘zgalarni ham ayamadi. Qat’iyat bilan ishladi. Qo‘pollashmadi. Biznesmenlarga o‘xshab kibrlanmadi. Omma ichiga kirdi. Faoliyati shaffofligidan oyparaliklar uning nimalarni yamab, nimalarni yasaganini ko‘rib o‘tirishdi. Badnafslanmadi. Laganbardorlarni haydamadi. Kadrlarni saralaganday, ularning ham manglaylariga chertib-chertib, ustalik bilan foydalanadigan bo‘ldi. Ayoli esa to‘pori malaylarni yaqiniga yo‘latmadi. Sadoqatiga, o‘lsa ham sotmasligiga ishongach, ming turli sinovlardan keyin o‘zi turgan sohilga asta-sekin suzib chiqishiga izn berdi. Er-xotin bir-birining ismini deyarli aytmaydi. Er tomoq qirsa, xotin yo‘taladi. Ishora bilan cheklanishadi. Bir-birini qiynamaydi. Omad kuldi. Tepadan ajratilgan, mahalliy ishlab-chiqarishdan olinadigan daromadlar yuz hissaga ko‘paydi. Oypara aymog‘ida trillion tenga deydigan tushunchalar, milliondan oshgan tenderlik tushumlar oddiy holga aylandi. O‘lchamlar o‘zgardi. Imkoniyatlar kengaydi. Xushomadgo‘ylar ko‘paydi. Qarindoshlar safi kengaydi. O‘lchamlarning o‘zgarishi tufayli ufqlar ham o‘zgargani sezildi. Albatta, hokimning ayoli bo‘lganidan qarshisida imkoniyatlar cheksizlanayotganini, turli-turli joylardan boylik, aqchalar oqimi kutilmagan darajada to‘lib-toshib, beto‘xtov oqib kelayotganini his qildi. Biroq, pul deganning hisobini yo‘qotgan zavqli lahzalarda rahmatli onasining qanoatli qiyofasi ko‘z o‘ngida gavdalandi. Marhum otasi tuman firqasining uchinchi kotibi edi. Qayta qurish avj olgan yillar. Xizmat ulovi yo‘q edi. Poyi-piyoda yurardi. Kunlarning birida boradigan yeriga yetolmay, yo‘l chekkasida sarg‘ayib, asabiylashib turganida, birinchi kotibning ayoli erining oqish “Volga”sida u yoqqa o‘tipti, bu yoqqa o‘tipti. Kechqurun uyiga kuyinib kirgan ota: “Padariga la’nat, tumanning uchinchisi bo‘lguncha, birinchi kotibning xotini bo‘lganim ming marta afzal!” – dedi. Keyinroq onasi jilmayganicha: “Otangning haligi gapini qulog‘ingdan chiqarib tashla”, – degandi. O‘shanda, o‘tgan asrning saksoninchi yillari o‘rtasida, o‘n uch yoshida otasining achchiq ustida aytgan gapi qulog‘iga qo‘rg‘oshinday quyulib, xotirasiga muhrlanib qoldi. Bu gap farishtalarning qulog‘iga chalingandirki, yolg‘iz qiz bugun viloyat hokimining ayoli. Novlardan oqib kelayotgan pul oqimi ko‘pligidan, bora-bora uni sanashni bas qilishdi. Tadbirkorlik davrlarida tuqqan-tug‘ishganlarni moddiy jihatdan qo‘llab turardi. To‘ylarida qizg‘anmasdan mo‘may to‘yonalar berishardi. Eri hokim bo‘lganidan keyin ham bu odatni kanda qilishmadi. Oyparaga o‘tishlari bilan ayol o‘zinikilaru qayin yurtiga ayamay yordam puli berib turdi. Ammo, qancha berganing bilan qadrlashmas ekan. Tushunishmas ekan. O‘ylashmas ekan. O‘zlariyam to‘ydim deyishmas ekan, battar ochko‘zlashib ketaverar ekan. Yuz marta yordamlashib, yuz birinchisida bermasang, shartta yuz o‘girib, qon dushmanga aylanisharkan. Oqib kelayotgan pullar sanalmasa-da, tug‘ayotgan ustama foizlar hisoblanmasa-da, ularni qisib-qimtishga o‘tishdi. Tuqqan-tug‘ishganlaru, oshna-og‘aynilarga ko‘mak berish taqa-taq to‘xtatildi. Mablag‘ning asosiy qismi yana biznesga yo‘naltirildi. Hokimiyat rahbarlari, davlat xizmatidagilar biznes bilan shug‘ullanishlari man qilinadi, degan farmon chiqdi. Kulgili, albatta. Hamma kattakonlarning aybi ochilarkan-da. Takabburlik oshib ketgan. Mensimaslik avj olgan. Butun mamlakatda. Shuningdek, Oypara muzofotida ham. Pullardan zavq tuyish bora-bora ayolning me’dasiga tega boshladi. Sababini tushunmadi. Ishlar to‘qson yo‘nalishda yurishib yotgan bo‘lsa. Zuvillab. Katta tezlikda shuvillab. Yuraversin-chi. Biroq, qandaydir zerikarlimi-ey? Noxushlikka o‘xshash… Unday emasdir-ov. Zerikish ham emas. Unda nima? Aqchaga ham ishtiyoqsiz, boshqa narsalardan ham sovib ketgan odam bo‘ladimi? Hokimning ayoli bo‘la turib-a? Qiziq. To‘rtinchi yil yakunida Xudo qo‘shgan yostiqdoshi: “Azizam, ehtiyot bo‘laylik. Peshonamizga bir milliondan oshiq aholi yashaydigan hududni boshqarish yozilipti. Tug‘ilgandagi ilk ingadan so‘nggi lahzadagi nidogacha bo‘lgan oraliqda bandasi nimalarni ko‘rmaydi? Nimalar qilmaydi? Biz, Xudoga shukr, faqat ro‘shnolik ko‘ryapmiz. Yoshimiz endi qirqning qirg‘og‘iga yetibdi. Ehtiyot bo‘laylik…” “Azizam”ni doim aytgan. Odatdagi so‘z. “Ehtiyot bo‘laylik”ni esa ilk bor aytishi. Bu so‘zni onasi ko‘p takrorlardi. Eriga ajablanib qaradi. Uzun-uzun kipriklari pirpiradi. “Bolani ko‘rib qaytasanmi?” – dedi er tushki oromdan keyin jannatning bir burchiday orombaxsh to‘shaklaridan turayotib. Keyingi paytlarda ayolning chet eldagi nufuzli o‘quv maskanida ta’lim olayotgan yolg‘iz o‘g‘lidan xabar olish bahonasida serqatnov bo‘lib qolishgandi. AQShdagi saxovatli banklarning holatini o‘rganib, to‘rva-xaltalarini niqlab qaytadigan bo‘ldi. Dastlabki jamg‘armalar bilan keyingi tushumlarning miqdoridan lazzat tuyardi. Bora-bora bu lazzat ham so‘nganday, sovuganday sezila boshladi. Ko‘ngilga urgandaymi-ey… Yoki bu lazzat, halovat yot bo‘lgan loqaydlikmidi? Haytovur mujmal bir nima. Ustiga ustak, AQShda o‘qiyotgan yolg‘iz o‘g‘li ham o‘zgacha. Bosiqligi shubhalantiradi. Bilimga chanqoqligidan hayratlanadi. Ko‘z tegmasin, iloyo. Bu ketishda, shubhasiz, hokim otadan tez ilgarilab ketadi. Yo‘ldan adashadi deya, vahima qilishga asos yo‘q. Bunday farzand boshidan ma’lum, yomon yo‘ldan yurishi mumkin emas. Hokimning ayoli bo‘lganidan beri chet ellarga ko‘p qatnadi. Eri biznes bilan shug‘ullanganida ham ko‘p tentiradi. Chet elga kezishni er-xotin ikkalovi Taylandga borishdan boshladi. Alohida-alohida ham ketishdi. Nufuzli tadbirkorlarning sinashta suluvlari bilan.O‘shalar bilan birgalashib, tizzalashib, tomoshalashdi. O‘zga yurtlarni o‘rganishdi. Maftunkor bo‘lishga intilishdi. O‘sha tomonlarda “Dolche Gabana”, “Armani” kabi uslublar bilan maftunkor bo‘lish osonligini bilishdi. Maftunkor bo‘lish uchun ming-minglab ayollar ozib-to‘zib, sog‘liqlarini yo‘qotishadi. Atayin yog‘ini oldiraman deb o‘lib ketganlar ham son mingta. Lipoksatsiyada. To‘rt milliarddan oshiq qurmag‘ur ayollarning safida qiyiq ko‘zlarni torttira-torttira, uxlayotganida ham ko‘zlari yumilmay yotadiganlari millionlardan oshib ketgan. U chet ellarda orttirgan tajribadan oqilona foydalanadigan darajaga erishdi. Maftunkor bo‘lish oson emasligini tushundi. Bunga erishishdan toliqmadi, chekinmadi. Natijada, Oypara muzofotining eng maftunkor, suluv ayoliga aylandi. “O‘zimizda yashash va davolanish xatarli”, deyishdi qadrdonlari. “Yurtimizda, Oyparada tug‘ish xavfli”, deyishdi sirdosh dugonalari. “Mamlakatimizda o‘g‘il-qizni o‘qitish befoyda”, deyishdi do‘stlari. Uddaburon yosh tadbirkorlar bilan tajribali mutaxassislarning ayollari, qariyalarning kelinlari chet el tug‘uruqxonalarida tug‘adigan bo‘lishdi. O‘zlari va oila a’zolari bilan rivojlangan davlatlarning shifoxonalarida davolanishdi. O‘g‘il-qizlari, nevaralari nufuzli, bir necha asrlik tarixga ega chet el universitetlarda ta’lim olishdi. Hokim ayolining bora-bora chet el safarlaridan ham ko‘ngli qoldi. O‘sha, boyagidagi toliqishmidi? Yoki zerikishmidi? Gavdani xushbichim qilish uchun uzoqqa borish shart emas, uch qavatli kottejining tagidagi basseynda mashq zali zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Hokimlikning beshinchi yilida ayolning ko‘nglini tushuniksiz bir vahima kemira boshladi. Onasi rahmatli tushlariga tez-tez kiradigan bo‘lib qoldi. Avvalgiday onasiga xos bo‘lgan vazminlik, iliqlik yo‘q. Nigohi sovuq, kiprik qoqmaydi. O‘zining mehribon, tuqqan onasi. Bir gal xuddi o‘ngidagiday unga ko‘rsatkich barmog‘ini nuqib, jerkidi: “Hoy, hokimning ayoli! Ko‘zingga qara! Boylarga taqlid qilib, ularga tenglashaman demasdan, yo‘qsillarga qayishib, muruvvat ko‘rsatib yashasalaring bo‘lmaydimi?!” dedi. U bu tushmidi, o‘ngimi, bilolmadi. Buni aniqlash uchun, hatto badanining u yer-bu yerini chimchilab ko‘rdi. O‘nggi shekilli . “Oyi, – dedi u o‘z ovozini aniq eshitib. – Oyi, olam boylarnigina tan oladi. Biz dunyo miqyosida bo‘lmasa-da, mamlakat miqyosidagi boylardanmiz. Bu – zamon talabi. Oyparaday ulkan muzofotni qudratli bo‘lmasdan boshqarib bo‘ladimi? Zamon bilan hamqadam bo‘lmasak, ortda qolib ketamiz”. Onasiga rasmiy gapirganidan o‘ng‘aysizlandi. Onasi: “Ey, hokimning ayoli! Menga ma’ruza o‘qima, ahmoq! Bizning dunyoda ma’ruza emas, yurakdan chiqqan duogina e’tirof etiladi. Men nima deyman, qo‘bizim nima deydi?!” Onasi shunday deb shartta teskari o‘girilib ketdi. “Onajonim-ey, jami yo‘qsil, yalang‘ochlarni to‘ydirib bo‘larkanmi? Eng rivojlangan, ilg‘or deb tan olingan yaponlarda ham yo‘qsillar to‘lib toshib yotibdi. O‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. O‘rgilib ketay, sodda onajonim-ey!” dedi u. O‘ngidagiday so‘zladi. Onasi esa, o‘sha-o‘sha teskari qaragancha, battar achchiqlanib, gap qotdi: “Yapon elida nimani anglading, hokimning ayoli!? Ularda boylarning ortiqcha kerilmasligini, yupunlarning kuyinmasligini payqamadingmi, eh-h?!”. U yig‘lab uyg‘ondi. Umrida birinchi bor… Eri hokim bo‘lganining beshinchi yilida. O‘shandan beri ko‘nglidan g‘ashlik arimay qoldi. Qur’on o‘qitdi. Qayta-qayta. Tushini unutganday bo‘ldi. Eriga mehmon chaqirgisi kelganini bildirdi. Ko‘pdan beri mehmon kutmapti. Shuni o‘ylab, ikkovlon ro‘yxat tuzdi. Oson bo‘lmadi. Ro‘yxat tuzish kadr tanlashdan ham qiyinroq ekan. Unga birinchi bo‘lib oligarxning nomi yozildi. Shu viloyatning oligarxi. Takabburgina. Buni e’tiborga olishmadi. Unchalik haddidan oshmaydi, deb o‘ylashdi. Ikkinchi – zamindor boy. Serhimmat. Sipo. Uchinchi. To‘rtinchi. Beshinchilar yozildi. Yaltiroq qog‘ozga. Avvaldan aralashib yurgan nufuzli tadbirkorlar. Ayollari ayoliga sinashta, sirdosh, ishonchli. Oltinchi – maslahat kotibi. Yettinchi – o‘rinbosar. Hokim o‘rinbosari. Shular yetarli, deyishdi. Yangilik bo‘lsin deya, muzofotdagi taniqli olimning ham nomini ro‘yxatga kiritishdi. Ziyofat ziyolinamo bo‘lsin, degan maqsadda. Taklif qilinganlar bitta qolmay to‘planishdi. Olimning ayoligina kelmadi. Kiyimi yupun ekan. Ziyofat o‘rtalarida oligarx qizishib qoldi. Takabburligiga borib, olimni yoqtirmayotganini sezdirib qo‘ydi. Mazax qilishni boshlab yubordi. Ikkalovini tinchlantirib, ko‘z-quloq bo‘lish hokimning o‘rinbosari bilan maslahat kotibiga topshirildi. Boshqalar bog‘ni aylangani chiqishdi. Kiraverishda keng bo‘lma bo‘lib, undagi divanlarga oligarx, hokim o‘rinbosari, maslahat kotibi, shuningdek, olim joylashishdi. – Qani, alloma! Falsafa so‘qishni boshla! – dedi oligarx masxaromuz ohangda. – Badnafslik, ochofatlik avj olmoqda! Senlar xalqni poda deb o‘ylasanlar. Yo bu gapim yolg‘onmi? – dedi olim. – Avaylab, ortingga qarab so‘yla! – dedi oligarx ustarada yaltiratib qirilgan dumaloq boshini huzurlanib silar ekan. – Olimlarning orti toza, qiztaloq!– dedi alloma. – Siz qizib qopsiz. Tashqariga chiqaylik-chi,– dedi kuyunchaklik bilan hokim o‘rinbosari suhbat tezoblashganidan xavotirlanib. –Shunday qilinglar. Ayolingiz ham kelmapti, – dedi maslahat qotibi titroq ovozda. –Hokimimizning uyidamiz. Uyat. Ishqilib ayollar eshitib qolishmasin… Biroq hokim ayolining qulog‘i ding, kim nima deganiyu, nimani yeganini nazardan qochirmasdi. – Ey, maslahatchi! Bu bilan menga ket, demoqchimisan? Meni mast deb o‘ylama. Haqiqatni aytdim, xolos. Bilib qo‘y, men sening deputating emasman, – dedi olim ensasi qotib. – Yaqinda o‘zingday bir olim, ya’ni hamkasbing yozganini o‘qidim. “Bizda daholar yo‘q. Bor deganlari yolg‘on. Millatning soni chorak milliarddan oshmaguncha undan daholar chiqmaydi”, debdi va bu fikrini dalillapti. Hamkasbing. Sening ilmiy kashfiyotlaring oqimga tushib, hayotga tatbiq etilgunicha millating to‘zib bitadi. Juda bo‘lmasa, mana, bizga o‘xshab besh xotin olib, har qaysinisidan uchtadan bola tug‘dirib, millatingni to‘zishdan asrab, qozog‘ingni ko‘paytirmaysanmi? – dedi oligarx undan battar xezlanib. – Bizniki o‘n besh. Bugungi tongda. Bilib qo‘y! – Senday to‘ng‘izdan tug‘ilgan qo‘ng‘izlarning saposiga javob berolmayman. Yetti millionga yetmaydigan yahudiylardan necha minglab daholar chiqmaganmidi? – Qo‘ysanglar-chi. Uyat-ku! – deydi hokimning o‘rinbosari yuragi olinib. – Kimning shang‘arog‘ida o‘tirganlaringni unutmalaring, – dedi maslahatchi manglayidagi terni artib. – O‘zimga ham uvol kerak. Keta qolay, – deb o‘rnidan gandiraklab qo‘zg‘aldi alloma. – “Hukmdorning aqllisi, ulamoga o‘zi borib, salom berib turarkan, ulamoning aqlsizi, hukmdorga o‘zi kelib, shunday Xudo urarkan”, degan ruboiy kimniki edi? – deb qo‘rsaydi oligarx. Bog‘ning ajoyibotlarini tomoshalab qaytganlar o‘tirishni bundan buyog‘iga qizdirib yuborishdi. Viloyat olimining ketganiga hech kim e’tibor bermadi. Faqat hokimning savolomuz nigohiga ayoli jilmayibgina, lovullagan olovday ol rangli lablariga nozik ko‘rsatkich barmog‘ini bosib, tinchlantirdi. Navbatdagi tanaffusda erkaklar yer ostidagi maxsus zalda alvon xil yopinchiqlarga o‘ralib, ko‘ngilning chigilini yozishdi. Yoppasiga toshsoqqa surishdi. Ayollar qavmi uchinchi qavatdagi shirin choy bo‘lmasiga sirlashgani to‘planishdi. Hazil-hazil bilan ular taqinchoq musobaqasini boshlab yuborishdi. Oligarxning ayoli kumush bandli, gavhar toshli uzuklarni xush ko‘rar ekan. Uzuklarning biri – besh karat, ikkinchisi to‘rt karat chiqdi. Zamindorning egachisi uzuk musobaqasida g‘olib bo‘ldi. Uning uzuklaridagi gavhar ko‘zlarning rangi ko‘kimtir kaptarning qiyilgan tomog‘idan tomgan ilk qon tomchisiga o‘xshab, har bir ko‘z o‘n karatdan oshardi. Uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi tadbirkorlar xonimchalarining uzuklari ham musobaqada yuqori pog‘onani egallashdi. O‘rinbosar bilan maslahat kotibi xonimlarining barmoqlaridagi uzuklardagi ko‘zlar yetti-sakkiz karat atrofida ekanligi aniqlandi. Ikkinchi bosqichda – boldoq-uzuklar namoyishi boshlandi. La’l, yoqutlardan taralgan yog‘dular go‘yoki hokimning mehmonxonasidan ko‘tarilib, butun shaharga sochiladiganday. Boldoq-uzuklardan keyin bilakuzuklarga o‘tishdi. Maslahatchi xonimning bilagidagi bilakzukning yo‘g‘onligiyu, yoqut toshlari barchaning ko‘zlarini qamashtirib, lol qildi. Taqinchoqlarning qiymati millionlik chegaradan oshib o‘tdi. AQShning ko‘kish puli bilan hisoblaganda, albatta. Hokim o‘rinbosarining xonishoyimi oligarxning beshinchi to‘qolidan o‘zdi. – Voy, o‘lmasak, mast bo‘lib qolmadikmi? – dedi ayollardan biri. – Xosiyatli xonadonning sharofati bilan emin-erkin, yayrab o‘tiribmiz-da! – dedi ikkinchi ayol. – Taqinchoq namoyishining zavqi o‘zgacha bo‘larkan, – dedi uchinchisi. – O‘ylab ko‘rsak, har birimiz qiymati falon million dollarni ko‘tarib yurar ekanmiz! Ovozi pasaytirilgan ko‘ksandiqda “Qo‘ng‘ir” guruhi paydo bo‘ldi. – Mana shu “Qo‘ng‘ir”ni yaxshi ko‘raman. Ovozi xush yoqadi, – dedi to‘rtinchi xonim. – Anov up-uzun, ingichka bel qizga havasim keladi. “Qo‘ng‘ir”ning up-uzun, ingichka bel qizi “Dunyo…dunyo…dunyo-ey. Dunyoga kim ega-ey?” deb xonish qildi. Unga ikki yigit jo‘r bo‘ldi. Taqinchoqlar tanlovi yakunlandi. – Xonanda qizning beli qancha santimetr ekan-a? – dedi ayollarning beshinchisi. – Kelinglar, kimning beli tolmaroq, qomati adroqligini aniqlash uchun tanlov o‘tkazamiz, – dedi ayollardan biri. Qomat tanlovi juda qizg‘in ta’sirli o‘tdi. Zero, o‘zga muzofotlarni bilmadigu, Oypara muzofotida, ayniqsa, uning markazida fitnes klublar ko‘paygan, maxsus elita uchun ochilgan edi. Shu boisdan ham mehmon ayollar biri-biridan xushqomatligi ayon bo‘ldi. Ammo, hammanikidan ham uy sohibasining qomati jozibali deb topildi. Hokimning ayoli bo‘lganligidan emas, albatta. Chindan shunday. U Oypara aymog‘ining eng sohibjamol go‘zal farishtasi edi-da. – Eng xushqomat g‘olibamizga sovrin beramiz! – dedi oligarxning ayoli uy sohibasining ko‘rkam qaddiga havaslanib tikilganicha. – Oypara muzofotining qamar ruxsorli go‘zaliga barchamiz bir-bir eng qimmat taqinchog‘imizni tortiq qilamiz! – Bir ovozdan qo‘llaymiz! Quvvatlaymiz! – deyishdi qolganlar. Biri bilagini, ikkinchisi uzugini, uchinchisi ziragini eng xushqomat, maftunkor xonimga tortiq qilish uchun suzilishib, navbatga turishdi. Marhabat BOYGUT. Qozoq tilidan Mehmonqul Islomqul tarjimasi. «Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 5-son. | |
|
√ Tüýdük / hekaýa - 07.09.2024 |
√ Deñinden ötüp bolmaýan adam / hekaýa - 18.01.2024 |
√ Aýňalan adam / hekaýa - 28.08.2024 |
√ Umyt – bu dem / hekaýa-esse - 26.01.2024 |
√ Gök gözli Ýefrosinýa / hekaýa - 13.05.2024 |
√ Şem / hekaýa - 24.08.2024 |
√ Mert işi / hekaýa - 17.08.2024 |
√ Iki daragt / hekaýa - 15.10.2024 |
√ Palta haky / hekaýa - 18.06.2024 |
√ Tagmaly gyz - 09.08.2024 |
Teswirleriň ählisi: 0 | |