01:52 To'ydan keyin / hikoya | |
TO‘YDAN KEYIN
Hekaýalar
U butun xonani egallagan xontaxtaga, gajimdor dasturxon ustini bezagan yarqiroq chinni idishlarga, “chaq-chuq”lari yarimlanib qolgan billur vazachalarga, shokoladlaridan bo‘shab qolgan zarhal taqsimchalarga boqarkan, beixtiyor uzun so‘lish oldi. Devor bo‘ylab to‘shalgan duxoba ko‘rpachalarning ustiga parvosiz tashlangan yostiqlarga, kechagina ko‘rgan ko‘zni havaslantirib yashnagan, bugun esa old pardasi yig‘ishtirib olinganiga kemtiklanib qolgan go‘shangaga ko‘zi tushgach, ich-ichidan xo‘rsiniq keldi. Shu payt tashqaridan idish-tovoqlarning sharaqlagani, suvning shovullagani eshitildi. Shoshib uydan chiqdi. Hovlida, so‘ri tagiga o‘rnashtirilgan qator stollar ustida yuvib to‘nkarib qo‘yilgan kosalar, piyolalar, laganlar to‘p-to‘p bo‘lib uyilgan, bo‘y yetgan jiyanlari o‘zaro qiqirlashib, tog‘oralarni chayishar edi. Nariroqda o‘spirin o‘g‘li hovlining gir chetiga terilgan yengil plastmassa kursilarni yig‘ib, taxlaydi, eri qo‘l telefonini qulog‘iga bosib olgancha, xushnud, kim bilandir gaplashadi. U shundagina uy ichiga nega kirganini esladi. Dasturxon ustini yig‘moqchi edi. Ortiga qaytdi. Pista-bodomlarni xaltachaga solarkan, qanchalar charchaganini his qildi. Baribir yumushini oxiriga yetkazolmadi. Yuragi siqib kelaverdi. Xaltani shundoqqina oyoq ostiga tashlab, narigi xonaga, qizining yotog‘iga o‘tdi. Bu yer ham besaranjom, kursilar suyanchig‘ida jiyanlarining uzun etakli ko‘ylaklari, toshoyna ustida taroq, upa-eliklar joylanadigan mo‘jaz charm jildchalar, sochni jingala qiladigan simli temir qisqichlar, gilam ustida baland poshnali yaltiroq poyafzallar… Kimdir shoshib yopganidan kiyim javonining eshigi chetidan binafsharang ko‘ylakning etagi “mo‘ralab” turibdi, karavot ustida qizining qaymoqrang nikoh ko‘ylagi taxlog‘liq, taxlam ustida billur toshchalari yarqiragan chiroylikkina toj… Shundagina yuragini nima siqib kelayotganini angladi. Qizi, yigirma bir yil bag‘rida avaylab yurgan Kamolasi endi yonida yo‘q. Tojni qo‘liga olib, hafsala bilan, har bitta toshchasini, har bir bezagini birma-bir ko‘zdan kechirib chiqdi. Keyin ko‘ylakning taxlamini yozib, tomosha qildi. Kechagina qizi mana shu libosda yashnab eshikdan chiqib kelgan edi, bo‘y qizlarning havaslarini keltirib, zarbof to‘nga o‘rangan kuyovning yoniga tushib jo‘nagan edi. Ko‘ylakni yuziga bosib ko‘rdi. Silliq shoyi kaftlari orasidan mayin sirpanib o‘tdi. Libosda bilinar-bilinmas olma islari qolibdi. Bu Kamola sevgan atirning hidi edi. To‘liqib yig‘lab yubordi. …Kamolasi juda qaqajon edi. Esida, ro‘zg‘orlari endigina bo‘lak bo‘lib, Sirg‘alidagi yangi qurilgan uylariga ko‘chib o‘tishgan paytlari. Sirg‘alidan shahar markaziga, ota-onasini ko‘rgani kelib-ketish ancha mahol, avtobuslar doimo tirband bo‘lardi. Bir safar avtobusga chiqadiganlar shunchalik ko‘payib ketdiki, Kamolani bag‘riga bosib olgancha, turtina-surtina zinalardan yuqoriga arang chiqib oldi. O‘rindiqlarning hammasi band edi, qizchasini bir qo‘llab ko‘targancha ikkinchi qo‘li bilan paypaslanib ushlab turishga tutqich izlay boshladi. Kamola boshini adl ko‘tarib, u yoq-bu yoqqa alangladi-da: “Bolali onaga joy beyingla”, – deya qichqirdi… …O‘shanda Kamolaning qilig‘ini necha kungacha gapirib, kulishib yurishgan edi. Kamolaning bu qaqajonligi keyinroq ajib bir zukkolikka, zariflikka aylandi. Qizginasi har narsaga kutilmagan, hech kimning xayoliga kelmagan ta’rif topa bilar edi. Bir kuni qaynonasi kulgancha: “Bu qizimga Zarofat deb ism bersak ham bo‘lar ekan”, – desa, qaynotasi iljayib: “Buvisining yoshligi-da”, – degandi… Ayol qizining zukkoligidan bir g‘ururlansa, birda cho‘chirdi. “Qizlarning yuvosh bo‘lgani tuzuk, derdi onam, o‘zim shundoq edim, bu qaqajon qurmagur… Hamma ham xotinning aqlli bo‘lishini hohlamaydi-da! Ishqilib…” Bir kuni, navbatdagi sovchini kuzatgach, xavotirini eriga aytdi. Eri yayrab kuldi. – Kamolaga, xudo hohlasa, aqlli xotinga uylanishni istaydigan yigit uchraydi. Hech qo‘rqma! Sen otam bilan onamga qara! Rostdan ham, qaynota-qaynonasi kam uchraydigan, ajib bir juftlik edi. Ayol ikkoviga havas bilan qaragan paytlari ko‘p bo‘lgan. Qaynonasidagi to‘lib-toshgan g‘ayrat, zukkolik, qaynotasidagi vazmin zakiylik ajoyib bir tarzda uyg‘unlashgan ediki, ularning bir-birlariga qilgan murojaatlarining o‘zi ibratomuz tomosha bo‘lar edi. – Akmal menga tortgan, – derdi ko‘pincha qaynonasi. – Siz, yo tavba, xuddi dadangizning fe’lini ko‘chirib olgandaysiz. Yaratganning qudrati hayratomuz: o‘zi bino qilgan go‘zal uyg‘unlikni bandasi oldiga u yoki bu talqinda qaytaraverarkan. Ona o‘sha kuni uyiga kirib kelgan sovchi xotin bilan bir-ikki og‘izgina gaplashiboq dili o‘z-o‘zidan ravshan tortdi. O‘rta bo‘y, qoramag‘iz sovchi ayolning sokin ovozda, ipga tizilgan munchoqdek bir tekis tergan so‘zlariga mahliyo bo‘lganidan, so‘raydigan savollari ham yodidan ko‘tarildi. “Juda istarali xotin ekan, – o‘yladi beixtiyor. – Gap-so‘zlari biram ma’nili…” Oqshom eriga “axborot” berdi. U xotinining so‘zlarini eshitib o‘tirdi-o‘tirdi-da: – Sovchi senga ma’qul kepti, shekilli… – deb iljaydi. – Juda… batafsil ta’riflading? Ayol tutiliqdi. O‘ylab qarasa, sovchi ayolning fe’lida o‘zini ko‘zguda ko‘rgandek bo‘lgan, shuning uchun dili yorishgan, ko‘ngli isigan ekan! Yo‘q, qizi yaxshi joyga tushdi. Kuyov o‘ziga ham juda yoqdi. Qiziga esa inchunin… …Uning Kamolasi oqshom chog‘i bir qo‘lida alvon guldasta, ikkinchi qo‘lida shirinlik solingan katta quti bilan ostonada ko‘ringanda yuragi bir qalqidi. Qizining egnidagi zumrad rangli soddagina ko‘ylak, oyoqlaridagi qoshiqdekkina tufli ko‘ziga xuddi suratli kitobchalarga chizilgan qo‘g‘irchoqlarning bezaklariga o‘xshab ko‘rindi. Kamola ostona hatlab o‘tdi-yu, onasiga ko‘zi tushib, “duv” qizardi, nima qilarini bilmay, to‘xtadi. Boshini solintirgancha, salom berdi. Ona bo‘g‘ziga yig‘i tiqilib kelayotganini sezib, shoshib alik oldi. – Kel, qizim, – dedi ovozi titrab. – Uyga kir. Dadang ham kelib qoladi. Keyin o‘zi hayron bo‘ldi. Nega yig‘i bosib kelyapti? Qizi bo‘y yetgandan beri shu kunni orzu qilmaganmi edi? Ko‘ziga chiroyli ko‘ringan nimaki mato bo‘lsa, Kamolasiga ilinmaganmidi? Ertalab otasi roziligini bildirib, Kamolaga fotiha berganda shu kunlarga yetganiga shukurlar qilmaganmidi? Nega ko‘zlariga yosh to‘lib ketdi? Nazarida qizalog‘i, Kamolasi birdan ga ulg‘ayib qoldi. Chevarnikidan sarpolari olib kelinganda avvalo qayinsinglisi, keyin ovsini, kennoyisi ayvonni to‘ldirib o‘tirib olishdi-da, Kamolaga ko‘ylaklarini bir-bir kiygazib tomosha qilishdi. Ona boshiga avaylab qo‘ndirilgan ipak do‘ppi ustidan zar sochilgan ro‘molni tashlab, maydataroq adras ko‘ylak-lozimda bir-bir bosib chiqib kelgan qizini ko‘rganda yuragi bir shuvilladi. Qarindoshlar o‘zaro kulishib, hazil-huzul bilan Kamolani yana libos almashtirishga undashdi. Qiz qizarinqirab boshqa bir kiyimni, uzun moviy ko‘ylak ustidan zarrin naqshlar bilan ziynatlangan nimchani kiyib, boshiga chiroyli durrachani o‘rab chiqdi. Ayollar chuvillashib olishdi. Ona esa qarindoshlari shovur-shuvur qilishgani sayin yuragi tushuniksiz bir hisdan to‘liqib boraverdi. Qizi bolalik olamidan allaqachonlar chiqqanini aqlan tushunsa-da, necha yildan beri sovchi kutib, Kamolasini xayolan kelinlik libosida ko‘rib yurgan bo‘lsa-da, o‘sha damda, chiroyli ipak liboslar quchog‘ida yashnagan qizini ko‘rganda ko‘zlariga ishonmay turaverdi. Qizi, qizalog‘i ulg‘ayibdi! Ayollik dunyosiga qadam bosish arafasida turibdi! “Iloyim, qadamlari yengil bo‘lsin!” – deb shivirladi beixtiyor. Bir vaqt kimdir yelkasiga asta qo‘lini qo‘ydi. Ona shoshib ko‘zlarini artdi. – Oyi, charchadingiz, dam oling, qolgan ishlarni o‘zimiz tugatib qo‘yarmiz, – dedi kenja qizi, Nargizasi mehribonlik bilan. Ona indamay bosh silkidi. Narigi xonadan jiyanlarining kulgisi, chinnining jaranglagani, patnislarning sharaqlagani eshitildi. Ayol ko‘zlarini ro‘moli uchlari bilan artib, eshikdan mo‘raladi. Nargiza opasining uy ko‘ylagini egniga ilib olibdi. Ona beixtiyor kulimsiradi: “Egachim erga tegdi, eskisi…” deyisharmidi?” Keyin yana ko‘ngli buzildi. Yumushga andarmon bo‘lishga urinib, uy ichida kezina boshladi. Bir narsalarni yig‘ishtirgan bo‘ldi: mayda-chuyda buyumlarning birini u yoqqa, ikkinchisini narigi yoqqa oldi, javonlarning ichiga nimalarnidir tiqdi, kenjasi esa hali u tomonga, hali bu tomonga o‘tar, dasta-dasta chinni, taxlam-taxlam sochiq, dasturxonlar ko‘tarib yurar, uni ko‘rgani sayin onaning yuragi yanada to‘liqardi. Nazarida uy ichida yumushga urinib yurgan Nargiza emas, Kamola edi. “Yo tavba, uy to‘la odam-ku, yuragimning huvillashini qarang”, – o‘yladi beixtiyor. – Amma, o‘zimiz uddalaymiz, charchagansiz, dam oling, – deya bijirladi jiyanlarining biri. – Ish tugab qoldi, dam olavering, kennoyi, – dedi ikkinchisi. Ayol hovliga chiqdi. Eri hamon qo‘l telefonini qulog‘iga bosib olgancha, kim bilandir berilib gaplashar, o‘g‘li esa bir to‘p o‘rtoqlari bilan hangomalashgancha, qozon-o‘choqni ko‘tarib, aravaga ortishardi. Ona uh tortdi. Shu topda eri bilan gaplashgisi keldi, hech bo‘lmasa, piyozning narxini muhokama qilishsa ham mayli, faqat gaplashsa, ko‘ngli yozilsa bas… Ammo eri telefondan ortadiganga o‘xshamasdi. Yana ko‘zlariga yosh keldi. “Bu uyda dardimni anglar kishi bormi o‘zi?” – deb hayqirgisi, olamni buzgisi keldi. Sal o‘tmay, o‘zidan o‘zi uyaldi. Xo‘p, dardingni ayt, deyishsa, u nima deydi? Qizimni uzatdim, endi yuragim siqilyapti, hammayoq huvillab qoldi, deydimi? Qiz uzatgan faqat senmi? Agar shu dardga chidolmasang, qizingni olib o‘tirgin edi, deyishmaydimi? Shu payt kimdir kelib bilagini siqdi. Boshini ko‘tardi. Eri. – Bas endi, ko‘zingni art… Ayol kaftlari bilan qovoqlarini ishqadi. Jilmayishga urindi. Lekin lablari sal tortildi, xolos. – Nargiza opasining ko‘ylagini kiyib olibdi, – dedi. – Yana u yoqdan-bu yoqqa o‘taveradi, o‘taveradi… Eri iljaydi: – Mayli… Endi bu yog‘iga… sandig‘ingni to‘lataverasan… Onaning o‘pkasi to‘lib ketdi. Erkak boshini chayqadi: “Etar endi…” “Tushunmadi, – xo‘rsindi ayol. – Tushunmadi-ya…” Bu dardni to‘lig‘icha faqat ona anglay oladi. Bir vaqtlar uning o‘zi oppoq kelin libosida, karnay-surnay sadolari ostida erining uyiga kirib kelgan edi. Shunda onasining ko‘nglidan nimalar o‘tgan, o‘ylamabdi ham. Ajab hikmat, kecha uning qizi karnay-surnayning shodon suroniga ko‘milib, jo‘nadi. Onasining dilidan nelar kechganini esa, turgan gap, bilmagan, anglamagan… Qizlarning chekiga tushgani shu ekan-da! Avvalo ota-onasining ko‘nglini yashnatar, keyin qush misol uchirma bo‘lib, o‘zga oilani gullatar ekan. Endi o‘ylasa, karnayning “vaha-vaha”si kuyov tomonning tog‘dan oshar shodligini, surnayning hazin nolasi kelin tomonning g‘ussa aralash quvonchini tasvirlar ekan. To‘yning olag‘ovur xursandchiligi aldamchi bir tomosha, qizini bag‘ridan yulib olib berayotgan onaning dilidagi og‘rig‘ini o‘ldirib turadigan dori ekan, chiroyli sarpo-suruq, savat-savat patiru, holvalar, shirinliklar bilan, karnay-surnay, nog‘ora bilan kelishib, ona bechoraning ko‘nglini ovlagan bo‘lishar ekan-u, ko‘zining gavharini, qalbining otashini qanotlariga olib ketisharkan! Yana shunisi qiziqki, onalarning eng katta orzusi mana shu kunga yetish ekan! Bir payt Nargiza qo‘lida telefon ko‘targancha yugurib keldi: – Sizni ammam so‘rayaptilar. Telefonni qulog‘iga tutdi, narigi tomondan qayinsinglisining shodon tovushi keldi. – Charchog‘ingiz tarqay deyaptimi, kennoyi? – Rahmat, – dedi ayol horg‘in. – Hali kechroq oldingizga o‘taman, – davom etdi qayinsingil. – Ertaga tag‘in shoshib qolmaylik. – Nimaga? – Voy, tavba! Qudanikiga yo‘qlov jo‘natmaymizmi? – Ha-ya… – javob qildi ayol parishonhol. Qayinsingil sharaqlab kuldi: – Bu yog‘iga endi, kennoyi, qudachilik degani boshlandi. Ayol beixtiyor jilmaydi. – Lekin to‘y juda chiroyli o‘tdi, iloyim borgan joyida unib-o‘ssin, – alqadi amma. – Aytganingiz kelsin! – dedi ona javoban. O‘zi esa o‘yladi: “Rostdan ham, to‘y juda chiroyli o‘tdi”. Risolat HAYDAROVA. “Saodat” jurnali 2018 yil 7-sonida bosilgan | |
|
√ Ýüz manady tygşytlan balyk / hekaýa - 27.11.2024 |
√ Güýz ýapraklary düşende / hekaýa - 17.11.2024 |
√ Nälerkerde / ajy hekaýat - 14.09.2024 |
√ Kaşgarly sözlügi ýa-da iki sürtük / nowella (18+) - 12.02.2024 |
√ Mert işi / hekaýa - 17.08.2024 |
√ Jüren / hekaýa - 07.09.2024 |
√ Haýsy gowy? / Gündogar hekaýaty - 05.03.2024 |
√ Mahmal köwüş / hekaýa - 23.08.2024 |
√ Sazandanyň säheri / hekaýa - 16.07.2024 |
√ Halasgär barsyň hamy / hekaýa - 24.06.2024 |
Teswirleriň ählisi: 1 | ||
| ||