11:35 Qarg'lar saylagan podshog / hikoya | |
QARG’ALAR SAYLAGAN PODSHOH
Satiriki hekaýalar
Bir bor ekan, bir yo’q ekan. Qadim-qadim zamonda bir mamlakatda bir bechora kambag’al bo’lgan ekan. Bir kun to’q bo’lsa, uch kun och yotar ekan. Shunga qaramay shukrni tilidan tushirmas ekan. Butun xayoli hammaga yordam berish ekan. Yaxshilik qilishni xohlar ekan, ammo qanday yordam berish kerakligini bilmas ekan. Ora-sira, “Eh, koshki, kuchim yetsa-da, nochorlarning og’irini yengil qilsam…” deb niyat qilar ekan. Uning niyatini eshitganlar: “Qani ayt-chi, niyating ijobat bo’lib, g’oyibdan kuch kelsa, qanday yaxshilik qilgan bo’larding?” deb so’rashibdi. Kambag’al: “Qanday bo’lardi, yaxshilik qilardim hammaga… Avval o’sha kuch kelsin, o’zim bilaman qanday yaxshilik qilishni…” debdi. Kunlardan bir kun u tog’ cho’qqisiga chiqib “Tangrim, menga yordam ber, men ham odamzodga yaxshilik qilmoqchiman…” deya yolvoribdi. Tog’da giyoh terib yurgan bir keksa odam uning yolvorishlarini eshitib: — Salom, o’g’lim! — debdi. Kambag’al qayrilib qarasa, qarshisida oppoq soqolli bir nuroniy bir chol turibdi. — Salom, otaxon, — debdi hayratlanib. — Boyadan beri nima deb yolvoryapsan, Tangridan nimalarni so’rayapsan? Kambag’al dardini cholga aytibdi. Odamlarga yaxshilik qilish istagida yonib qovrulayotganini to’lib-toshib tushuntiribdi. Oqsoqol uning so’zlarini tinglab bo’lgach debdi: — Senga o’xshab juda ko’p insonlar boshqalarga yaxshilik qilishni xohlab o’tishdi bu olamdan. Yaxshilik qanday qilinishini bilganingda edi, bu savdodan voz kechgan bo’larding. Odamzodga yaxshilik qilish, yomonlik qilishdan ko’ra mushkul ishdir. Dunyo bino bo’lgandan beri bu ishni uddalash juda oz insongagina nasib qilgan. Oqsoqol qancha tushuntirsa ham kambag’al o’z bilganini takrorlayveribdi. — Eh, qaniydi, menga ham shunday imkon nasib qilsa! Men boshqalarga o’xshamayman. Menga shunday martaba berilsa, dunyodagi barcha yomonliklarni yer yuzidan supurib tashlayman. Bu dunyoda kambag’al odam qolmaydi. Urish-janjallarni batamom unuttirib yuboraman. Barcha muammolarni hal qilaman… — Niyating durust, ammo qanday amalga oshirishni bilmaysan. Sendan avval ham nima qilishni bilmaydigan xayolparastlarning ko’pi kelib ketdi. Kambag’al: — Yaxshilik qilishdan osoni bor ekanmi? Buning nimasi qiyin? — debdi. Oqsaqol unga javoban: — Ha, mayli, demak yaxshilik qilishni shunchalik istayotgan ekansan, bu yerda turma, yurt kezib, oq-u qorani tanigin. Vaqti kelganda senga o’zing xohlagan imkon beriladi. — debdi. Yaxshilik qilishni xohlagan odam oqsoqolning gapini diliga tugib yo’lga otlanibdi. Bir necha yil davomida turli mamlakatlarni kezibdi. Turfa xalq, turfa odatlarni ko’ribdi, el-yurtni tanibdi. Qaerda to’xtasa, yaxshilik qilish istagida yurganligini tilga keltiribdi. Shunday kunlarning birida, quyosh ufqqa bosh qo’yishga chog’langan bir mahalda bir qal’aga yetib kelibdi. Qal’a aylanasiga baland devor bilan o’ralgan ekan. Darvozasini topib, ichkariga kiribdi. Qal’a ichiga kirgach xayratdan esi og’ibdi. Keng maydonda tumonat odam. Hammasi ko’kka qarab hayqirib yotganmish. Kambag’al ham beixtiyor olomonga qo’shilibdi. Kambag’al aytilayotgan gaplarga quloq solibdi. Hamma bor ovozda deyarli bir xil gaplarni aytib baqirishayotgan ekan: — Yurtdoshlar! Men sizga yaxshilikni ravo ko’raman. Qarg’alarga ayting, meni saylasinlar. Podshoh bo’lsam, ko’rasiz, sizlarga behisob yaxshiliklar qilaman. Bu qal’aning ariqlaridan suv emas, sharbat oqadi. Yo’laklarga tosh emas oltin to’shaladi. Uyingiz qand-u shakarga to’ladi, shirinlik yeyishdan bezib ketasiz. Shu darajada rohat qilasiz-ki, huzur-halovat sizni tinch qo’ymaydigan bo’ladi. Aziz, vatandoshlarim! Qarg’alarga ayting, meni saylasinlar… Barchaning og’zidan bir xil nido chiqayotganini ko’rib taajjublanibdi kambag’al. Bir yoniga qarasa, ne ko’z bilan ko’rsin-ki, yillar avval tog’ tepasida uchratgan oqsoqol turganmish. — Salom, otaxon! — debdi kambag’al shosha-pisha. Oqsoqol unga qarab: — Salom, o’g’lim! — debdi. Kambag’al: — Qiziq, hamma bir xil gapni takrorlayapti… Nega baqirishayotganini tushunolmay qoldim, — debdi oqsoqolga. Oqsoqol: — Hamma faqat o’zining yaxshilik qilishi mumkinligini ta’kidlamoq istaydi. Ammo hech biri o’sha yaxshilikni qanday amalga oshira olishini tasavvur ham qilolmaydi. Shuning uchun baqirish bilan ovora, — deb javob beribdi. — Bu odamlar, har doim shunday baqirishadimi? — Yo’q, saylov arafasida baqirishadi. Bu mamlakatda har yili bir marta saylov bo’ladi. Saylov mahali hamma o’zining saylanishini xohlab shovqin ko’taradi. — Nega? — Chunki hamma o’zini haq deb biladi. Saylangach yaxshilik qila olishini o’ylaydi. Yomonlik qilishni hech biri xohlamaydi. — Kimni saylashadi bu saylovda? — Podshohni saylashadi… Bu mamlakat boshqa mamlakatlarga o’xshamaydi. Ba’zi davlatlardagi kabi taxt otadan o’g’ilga meros bo’lib o’tmaydi. Har yili xalq ichidan bir kishini saylab podshoh deb e’lon qilishadi. Tanlangan odam podshohlik muddati ichida xalqqa yaxshilik qilsa, va’dasini amalga oshirsa podshoh bo’lib qolaveradi. Aks holda saylov o’tkazilib, taxtdan uzoqlashtirishadi. Hozirgacha bir yildan ko’p podshohlik qilgan odam chiqmadi bu mamlakatda. — Tushunarli, nega hammasi “qarg’a, qarg’a” deb baqirishmoqda? — Bu o’lkada podshohni qarg’alar tanlaydi-da shunga… — debdi oqsoqol. Shu payt osmonni qorong’ilik qoplabdi. Ko’kda quyuq qora bulut misoli qarg’a galasi paydo bo’libdi. Qarg’alar quyosh nurlarini to’sib, qag’illashib yurt osmonida aylana boshlashibdi. Olomon baravariga: — Qarg’alar, qarg’alar, qadrdon qarg’alar… Meni saylang, meni saylang… — deb baqirisha boshlabdi. Bir dona qarg’a aylanib-aylanib kambag’alning boshiga yaqinlashibdi va boshiga axlat qo’ndirib yana osmon-u falakka ko’tarilibdi. — Uchdan bir hissa podshoh bo’lding, — deyishibdi olomon unga qarab. Nima ro’y berganini anglolmagan kambag’al yonida turgan oqsoqoldan so’rabdi: — Nima bo’ldi, nimalar deyishyapti? — Bu yerda podshoh saylash shu tarzda amalga oshiriladi. Bir qarg’a bir kishining boshiga uch marta axlatini tashlasa o’sha kishi podshoh bo’ladi. Sen hozir uchdan bir hissa podshohsan. Duo qilginki, qarg’a yana ikki marta boshingga axlatini tashlasin. Ko’p o’tmay, haligi qarg’a yana yerga yaqinlashibdi va kambag’alning boshi uzra aylanib ahlatini tashlab o’tibdi. Olomon hayqiribdi: — Uchdan ikki hissa podshoh bo’lding! Qarg’a uchinchi bor yaqainlashganda xaloyiq yanada badtar shovqin ko’taribdi: — Qarg’ajon, qarg’a, mening boshimga … — deb bor ovozda yolvora boshlashibdi. Qarg’a bu so’zlarga quloq solmay yana kambag’al boshi uzra aylanishda davom etibdi va yana bir bor uning boshiga axlatini tashlabdi. Xaloyiq: — Podshoh bo’lding, endi podshoh sensan… — deya baqirishib qo’l silkishibdi. Kambag’alni yelkalariga ko’tarib saroyga olib borishibdi. Taxtga o’tirgandan keyin birinchi qilgan ishi qarg’aning yaxshiligiga javob tariqasida bog’-rog’lardagi butun qo’riqchilarni olib tashlash haqidagi farmonni imzolash bo’libdi. Qarg’aga tosh otganlarni, uni bog’idan quvganlarni jazolabdi. Bu ham kamlik qilganday, kunda bir bor atrofga don-dun sochib qarg’alarni mehmon qilishni amr qilibdi. Xalq e’tiroz qilsa ham podshoh e’tibor qilmabdi. Uning ko’zi qarg’adan boshqasini ko’rmas emish. Shu tariqa yil o’tibdi. Xalq yana saylov uchun maydonga to’planibdi. Yana ayni hol, hamma o’zining ezgu niyatlarini tilga keltirib baqira boshlabdi. Yana ko’k yuzini qarg’alar qoplabdi. Qarg’alarning qag’illashi olamni tutibdi. Har yil podshohni bir qarg’a tanlar ekan. Bu yilgi podshohdan beadad yaxshilik ko’rgan qarg’alar shukrona ramzi sifatida ichlaridan o’n nafarini yer yuziga yuboribdi. O’n qarg’a o’tgan yilgi podshoh boshiga yaqinlashib bir vaqtining o’zida axlatini tashlashibdi. Podshoh yana qayta saylanibdi. Podshoh ham qarg’alarga minnatdorchilik ma’nosida yangi farmonini e’lon qilibdi. Endi har bir oila uyida yigirma donadan qarg’a boqishi shart emish. Qarg’alarni turli tabiiy ofatlardan himoya qilish maqsadida maxsus uychalar qurishni tayinlabdi. Qarg’alar bunday parvarishdan mamnun bo’lib semirib-shishib ketishibdi. Har biri hindi kurkaday bo’lib ketibdi. Vaqt o’tib yana saylov yaqinlashibdi. Xalq maydonga to’planibdi. Shikoyatini tiliga to’ksa nima o’zgarardi-ki?! Kurkaday yuz qarg’a uchib kelib yana eski podshohni tanlaganliklarini namoyish qilibdi. Uchinchi bor podshoh bo’lgan odam: — Qarg’alarda bir dona ham bit qolmasligi kerak. Qarg’alar tozalansin! Bitlardan himoya qilinsin! Qarg’alarning tirnoqlari jilolansin! Yog’lab yaltiratilsin! — deya xalqqa buyruq beribdi. Qarg’alar e’tibor va e’zozdan semirib qo’yday bo’libdi. Urchib ko’payaveribdi. Ahvol shu darajaga boribdi-ki, qarg’alar ko’payib qal’aga sig’may qolibdi. Vaqt aylanib yana saylov kuni yaqinlashibdi. Qarg’alar podshohga minnatdorchilik bildirmoqchi bo’libdi. Bu safar besh yuzta qarg’a kelib har biri uch martadan podshohga “hurmat” bajo keltiribdi. Podshoh ham qarg’alarga minnatdorchilik bildirish maqsadida yangi farmonlar chiqaribdi. Haddan ziyod e’zozlangan qarg’alar tufayli shaharda insonlarga joy qolmabdi. Odamlar uy-joyini, mol-mulkini tashlab ko’chib keta boshlashibdi. Oradan bir yil o’tibdi. Saylov zamoni yaqinlashibdi. Bu vaqt mobaynida boqilgan qarg’alar bo’rdoqi sigirday bo’lib kattalashib ketibdi. Shahar osmonida sigirday-sigirday qarg’alar paydo bo’libdi. Ularning shovqinidan quloqlar batang bo’libdi. Qarg’alar minnatdorchilik evaziga hammalari to’planishib podshohning ustiga “tashakkur”larini yog’dirishibdi. Xalq saylangan podshohni saroyga eltish uchun maydon markaziga yo’l olibdi. Kelib qarashsa, podshoh qarg’a axlatiga botib o’lib yotgan emish. Oldiniga taajjublangan xalq ko’p o’tmay yana shodon hayqira boshlashibdi: — Qarg’alar, qarg’alar, qadrdon qarg’alar… Meni saylang, meni saylang… 1965. Ma'rufjon YO'LDOSHEV tarjimasi. | |
|
Teswirleriň ählisi: 0 | |